Wikileaks O‘zbekistonning AQSh va Rossiya bilan aloqalari haqida...

Published

Wikileaks e‘lon qilgan maxfiy diplomatik yozishmalarning navbatdagisida O‘zbekistonning Qo‘shma Shtatlarga yaqinlashish va Rossiyadan uzoqlashishga intilishlari haqida so‘z boradi.

Veb sahifa oshkor qilgan diplomatik yozishmalarning birinchisi 2000-yil, ikkinchisi esa 2010-yilga taaluqli.

Dastlabki maxfiy hujjat 2000-yilda AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Herbst, ikkinchisi esa 2010-yilda AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Jon Bayyerli tomonidan yo‘llangan.

Xufiya diplomatik maktublar O‘zbekistonning Rossiya va Qo‘shma Shtatlar bilan bo‘lgan munosabatlari o‘n yil davomida qay tarzda rivojlanganini ko‘rsatadi.

Wikileaks nashr etgan diplomatik yozishmalarga e‘tibor qaratilsa, 2000-yilda O‘zbekistonning Amerika bilan do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga va Rossiyaga bo‘lgan qaramlikdan chiqib ketishga intilgani oydinlashadi.

2005-yil mayida Andijonda yuz bergan hodisalari ortidan Qo‘shma Shtatlar bilan aloqalari sovuqlashgan O‘zbekiston Rossiya bilan "strategik sheriklik" bitimini tuzdi.

Ammo 2010-chi yilgi diplomatik maktubdan Prezident Karimovning yana Qo‘shma Shtatlar dastagidan umidvor bo‘layotgani anglashiladi.

"O‘zbekiston - Islom dunyosining qoq markazi" AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Herbst yo‘llagan maxfiy maktubda, uning 2000-yil noyabrida Prezident Karimov bilan bo‘lgan ilk uchrashuvi haqida so‘z boradi.

Bir soat davom etgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston prezidenti mamlakatining AQSh bilan hamkorliklarni mustahkamlash istagida ekanini aytgan.

Prezident Karimov "Rossiyani Markaziy Osiyoda o‘z gegemoniyasini qayta o‘rnatish maqsadida menyovr qilishda aybladi", deb yozadi amerikalik diplomat.

Elchi Jon Herbstning yozishicha, Prezident Karimov unga O‘zbekiston strategiyasi "ruslar rejalarining amaliy bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik" ekanini aytgan.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston prezidenti mamlakatining "Islom dunyosining qoq markazida" joylashgani haqidagi o‘zining "sinalgan vaj"ini ishga solgan

Prezident Qo‘shma Shtatlarga sherik sifatida alohida e‘tibor qaratilayotganini ta‘kidlagan.

"Suhbat so‘ngida u O‘zbekiston inson huquqlari vaziyati va boshqa masalalar yuzasidan bizning tanqidlarimizga quloq tutishga tayyor ekanini aytdi," deb yozadi AQShning sobiq elchisi Jon Herbst.

Ayni damda AQSh elchisi Prezident Karimovning eng murakkab va hassos savollarga javob berishni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga havola etgani va shu tarzda ushbu savollarni chetlab o‘tishga uringanini ta‘kidlaydi.

"O‘zbekiston o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmaydi"

Jon Herbst maktubida, shuningdek, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar haqida Prezident Karimov fikrlari aks ettirilgan.

Islom Karimovga ko‘ra, xalqaro masalalarning aksarida O‘zbekiston mavqe‘i Qo‘shma Shtatlarnikiga mos tushadi.

"O‘zbekiston, ba‘zilardan farqli, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmaydi," deb aytgan Islom Karimov AQSh elchisi bilan muloqoti chog‘ida.

O‘zbekiston prezidenti qo‘shni Qozog‘iston tashqi siyosatining davomli o‘zgarib turishini tanqid qilgan.

Islom Karimov rasmiy Toshkentning Yaqin Sharq va Afg‘oniston masalalarida Qo‘shma Shtatlar bilan yaqin hamkorlik qilayotganini ham urg‘ulagan.

U shuningdek O‘zbekistonda sobiq Sovet respublikalari orasida birinchi bo‘lib mudofaa vaziri lavozimiga harbiy bo‘lmagan shaxs - akademik Qodir G‘ulomovning tayinlaganini ma‘lum qilgan.

Jon Herbstning maxfiy maktubiga ko‘ra, Islom Karimov yangi mudofaa vazirini eskidan tanishi va unga olim sifatida hurmat bilan qarashini aytgan.

"Karimov harbiylarning siyosatga aralashishini yoki, Rossiyada bo‘lgani singani, siyosiy mavzularda omma o‘ngida fikr bildirishlarini istamaydi," deb yozadi Jon Herbst.

bu yerga bosing Qodir G‘ulomov 2006 yilda 20 yillik shartli qamoq jazosiga hukm etilgandi.

Sobiq Sovet respublikalari o‘rtasidagi ziddiyatlar Jon Herbstning yozishicha, Islom Karimov sobiq Sovet respublikalari oralaridagi munosabat va kelishmovchiliklarga alohida to‘xtalgan.

Islom Karimovning aytishicha, MDH ichida O‘zbekiston, Gurjiston, Ukraina va qisman Ozarbayjon o‘xshash mavqe‘larni egallashgan.

"O‘zbekiston va uning do‘stlari... Rossiyaning boshqalar ustidan hokimlik qilish urinishlariga qarshi turishadi," deya Prezident Karimovdan iqtibos keltiradi amerikalik diplomat.

Ovro‘osiyo istiqodiy hamjamiyati, Karimovning aytishicha, "Rossiyaning MDHdan ko‘ngli qolganini ko‘rsatgan".

O‘zbekiston prezidentining ishonishicha, Rossiya MDHdagi barcha a‘zolarga o‘z xohish-irodasini o‘tkazishni istaydi.

U Rossiyaning tabiiy gaz yo‘llaridan Turkmaniston va Ukrainaga bosim o‘tkazish vositasi foydalanishini bunga misol tariqasida keltiradi.

Sheriklar, ammo...

Wikileaks e‘lon qilgan navdatdagi maxfiy diplomatik yozishmalarning ikkinchisi qismida 2010 yilda AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Jon Bayyerli tayyorlagan hisobot o‘rin olgan.

Jon Bayyerli xufiya maktubi Rossiya va O‘zbekiston diplomatlari bilan bo‘lgan suhbatlar asosiga qurilgan.

Amerikalik diplomatning yozishicha, rus rasmiylari AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorliklar unchalik qiziqtirmaydi, biroq ular ikki davlat harbiy hamkorliklarining qaytadan kuch olishi ehtimolidan xavotirdalar.

Moskvadagi O‘zbekiston elchisining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Rossiya va O‘zbekiston munosabatlarini "barqaror va ijobiy", deya baholagan, biroq ikki tomonlama munosabatlarda Rossiya haliyam "hokim tomon" ekani haqidagi farazlarni inkor etgan.

O‘zbekistonlik diplomatga ko‘ra, mamlakati "o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda" amal qiladi.

Jon Beyyerlining yozishicha, Rossiyada borgan sari O‘zbekistonga o‘tkazishi mumkin bo‘lgan bosim vositalari kamaymoqda.

"O‘zbekistonning o‘ziga ishonchi aftidan tobora ortib boradiganga o‘xshaydi," deb xulosa qiladi amerikalik diplomat.