Olmoniya hukumati uchun Ovro‘po Ittifoqining jazo choralari bir pul bo‘lganmi?

Ma‘lum bo‘lishicha, Andijon voqealari sabab O‘zbekistonga nisbatan Ovro‘po Ittifoqining jazo choralari amalda bo‘lgan davr oralig‘ida (2005-2009 yillar) Olmoniya hukumati Termez havo bazasi uchun rasmiy Toshkentga millionlab yevro miqdorida haq to‘lab turgan. Orada baza uchun yillik to‘lov miqdorlari ham oshirib borilgan.
O‘zbek-Afg‘on chegarasida joylashgan Termez havo bazasidan xorijiy ittifoq kuchlari tomonidan Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarni dastaklashda foydalaniladi.
Inson huquqlari tashkilotlari esa, Olmoniya hukumatining ushbu amalini ikkiyuzlama siyosat sifatida tanqid qilishgan.
Oradan olti yil o‘tgan esa-da, Andijon markazidagi Bobur maydonida otib tashlanganlar soni aniq ma‘lum emas.
Rasmiy talqinga ko‘ra, Andijondagi xunrezlikda 187 odam halok bo‘lgan, ammo hodisa shohidlari va xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining ta‘kidlashicha, qurbonlar soni kamida bir necha yuz kishini tashkil etadi.
Biz tanqidchilardan biri, qarorgohi Bonnda joylashgan "Ovroosiyo Tranziyshn" guruhi rahbari Mixel Laupishga bog‘landik va avvaliga to‘lovlar borasidagi raqamlar qanday oshkor bo‘lgani haqida so‘radik:
Mixel Laupish: Bu asosan Olmoniya parlamentida kechgan savol-javoblarda aks etgandi. Olmoniya partiyalaridan biri hukumatdan O‘zbekistondagi Termez bazasi uchun to‘langan pullar borasida so‘radi. Shuning uchun ham, Olmoniya hukumatining bu savolga javob berishiga to‘g‘ri keldi va hukumatning Toshkentga to‘lagan to‘lovlari borasida ma‘lum raqamlarni oshkor qildi.
Bi-bi-si: Ammo, bu to‘lovlarning Ovro‘po Ittifoqining O‘zbekistonga qarshi jazo choralariga qanchalar aloqasi bor? Bilamizki, Termez harbiy bazasi bo‘yicha O‘zbekiston va Olmoniya o‘rtasidagi kelishuv 2002 yilda tuzilgan. Pul o‘sha kelishuv asosida to‘lab kelingan, bu normal holat emasmi?
Mixel Laupish: Siz mutlaqo haqsiz. Bu men uchun ham savol bo‘lib, bunga Olmoniya hukumati, Olmoniyadagi partiyalar javob berishlari kerak. Bir tomondan, ular Andijondagi qirg‘indan so‘ng O‘zbekistonga qarshi jazo choralarini qo‘llab-quvvatlashdi, ayni paytda esa, ular o‘zbek hukumatiga millionlab yevrolarni Termez havo bazasidan foydalangani uchun berib turishdi. Biz barchamiz bilamizki, Olmoniya O‘zbekistonga qarshi jazo choralarga tanqidiy va shubha bilan qarab kelgandi. Va bu Olmoniya parlamenti hamda olmon hukumatining o‘ta g‘ayrioddiy siyosati. Ishonamanki, yaqin kelajakda Olmon parlamentidagi partiyalar bu borada ko‘proq savollarni so‘ray boshlaydilar.
Bi-bi-si: Lekin, Ovro‘po Ittifoqining O‘zbekistonga qarshi jazo choralari o‘zbek hukumati bilan har qanday harbiy va yo noharbiy kelishuvlarni to‘xtatish haqida emas edi. Ularga ko‘ra, O‘zbekistonga qurol-yarog‘ sotish va o‘n ikki nafar o‘zbek rasmiysining ittifoqqa a‘zo mamlakatlar hududlariga kirishi taqiqlangan edi.
Mixel Laupish: Ovro‘po Ittifoqining O‘zbekistonga qarshi jazo choralari borasida siz mutlaqo haqsiz. Unda O‘zbekiston bilan harbiy doiradagi kelishuvlar haqida hech narsa aytilmagan. Ammo, Andijon qirg‘inidan so‘ng, Ovro‘po Ittifoqining boshqa mamlakatlari Termez havo bazasidan chiqib ketishganini tilga olishimiz kerak. Ular Andijon hodisalaridan keyin O‘zbekistondagi diktatorlik tuzumiga pul to‘lashni istashmagandi. Ovro‘po Ittifoqi tarkibidagi birgina mamlakat - Olmoniya u yerda qoldi. To‘lovlar borasidagi raqamlardan boxabar bo‘lganimdan so‘ng, aytishim mumkinki, ehtimol, mana shuning uchun ham, Olmoniya O‘zbekistonga qarshi jazo choralari yumshatilishini talab qilgan asosiy mamlakat bo‘lgan. Bu Olmoniya tashqi siyosatining siyosiy tomondan qanchalar ishonchga loyiq ekanini savol ostiga oladi.
Bi-bi-si: Sizningcha, Termez bazasini saqlab qolish Olmoniya uchun qanchalar muhim bo‘lgan?
Mixel Laupish: Olmoniya har doim Termez havo bazasi olmon harbiylariga ta‘minot yuklarini yetkazish uchun o‘ta muhimligini aytib keladi. Barcha ta‘minot yuklari va harbiy askarlar avval Termezga keltiriladi. Keyin Afg‘onistonga olib o‘tiladi. Mana shu bois hukumat chegarada havo bazasi zarurligini ta‘kidlaydi. O‘tmishda boshqa mamlakatlar ham shunday qilishgan, ammo Andijon voqeasidan so‘ng, boshqa havo bazalariga ko‘chishdi. Albatta, bu Termez havo bazasidan ko‘ra, biroz qimmatroqqa tushardi. Ammo, siz Karimovga o‘xshagan diktatorni moliyaviy dastaklamas edingiz.
Bi-bi-si: Agar Olmoniya Termez havo bazasini tark etganida bu O‘zbekiston bilan munosabatlarga qanday ta‘sir qilgan bo‘lardi?
Mixel Laupish: Agar ular ham ko‘proq jazo choralari, ayniqsa, Andijon qirg‘ini yuzasidan xalqaro tekshiruvlarni qattiqroq talab qilishganida, Termez havo bazasi boy berilardi. Ular, albatta, bunday qilishdan qo‘rqishdi. Shundan so‘ng, ular boshqacharoq yo‘l tutishga qaror qilishdi. Bu mening fikrim.































