Prezident Homid Karzay nutq so‘zlayotib, yig‘lab yubordi

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay mamlakatni qa‘riga tortgan muammolar haqida gapira turib, yig‘lab yuborgan.
Janob Karzayning Kobul markazidagi o‘quvchi va o‘qituvchilar qarshisida so‘zlagan nutqi televizion orqali olib ko‘rsatilgan.
Karzay janoblari urush murg‘ak o‘g‘lini o‘z vatanidan chiqib ketishga majburlashi mumkinligidan qo‘rqishini aytgan.
Prezident afg‘on bolalari va o‘qituvchilari bomba va tahdidlar bois maktabga borishdan hayiqishlaridan kuyungan.
Avvalroq, Afg‘onistonda amalga oshirilgan xudkushlik hujumi G‘azni viloyati hokimi o‘rinbosarining umriga zomin bo‘lgan.
Karzay janoblarining seshanba kungi nutqi to‘rt kishidan biri savodsiz deyiladigan mamlakatda ta‘limni rag‘barlantirishga qaratilgan.
Afg‘oniston Prezidenti o‘z mamlakatida odamlar ta‘lim olishlari va o‘z-o‘zlariga ishonadigan darajaga yetishlarini istashi haqida gapirayotib, yig‘lab yuborgan.
"O‘g‘illarimiz bombalar va xudkushlik hujumlari bois maktabga borisha olmaydi. O‘qituvchilarimiz to‘qnashuvlar va suiqasd tahdidlari tufayli borolmaydilar. Maktablar yopiq", deb aytgan u.
O‘zining 3 yashar o‘g‘li haqida gapirarkan: "Men uning shu yerda ta‘lim olishini istayman. Allohga qasam ichib aytamanki, men xavotirdaman, oh odamlar, xavotirdaman. Alloh saqlasin, Mirvays Afg‘onistonni tark etishga majbur bo‘lishi mumkin", deya qo‘shimcha qilgan Afg‘oniston Prezidenti.
Yuzlab o‘qituvchilar, talabalar va rasmiylarga qaratilgan nutq televizion orqali namoyish etilarkan, tinglovchilardan ayrimlarining ham yig‘layotganlarini ko‘rish mumkin bo‘lgan.
Afg‘on rahbarining nutqi amerikalik taniqli jurnalist Bob Vudvord (Bob Woodward)ning Afg‘onistondagi urush tufayli Obama ma‘muriyatida kelib chiqqan bo‘linishlar haqidagi yangi kitobi chop etilishi ortidan kuzatilmoqda. Unda muallif, josuslikka iqtibosan, Afg‘oniston Prezidenti vos-vos kasaliga chalingani va muolija qabul qilgani haqida aytadi.
Janob Karzayning idorasi esa, "Obamaning Urushlari" deb nomlangan kitobni "yuqori darajada fitna qo‘zg‘ovchi" deya ta‘riflagan.
Xudkushlik hujumi
Seshanba kuni avvalroq, G‘azni viloyati hokimi o‘rinbosari Muhammad Kozim Allohyor, uning o‘g‘li va jiyani xudkushlik bomba hujumida hayotdan ko‘z yumishgan.
Politsiya xizmati boshlig‘i Zaravar Zohidning aytishicha, hujumchi G‘azni shahrida guruhning ikki avtomashinasidan birini nishonga olgan.
Politsiyaga ko‘ra, portlash yuz bergan mahal janob Allohyor ishga ketayotgan bo‘lgan. Hodisada hokim o‘rinbosarining uch tana qo‘riqchisi ham nobud bo‘lgan.
Yana 8 kishi, jumladan yo‘lda ketayotgan odamlar ham tan jarohati olishgan.
Janob Allohyor o‘z lavozimida 7 yil faoliyat olib borgani va ikki oygina muqaddam bomba hujumidan omon qolgani xabar qilinadi.
Xabarlardan birida xudkush hujumchi mototsiklda bo‘lgani, boshqa bir hujumchi avtomashinada kelgani aytiladi.
Afg‘on rasmiylari hukumat yoki xalqaro kuchlar bilan birga ishlaganlari uchun Tolibon tarafidan tez-tez nishonga olinadi.
2010 yil muqaddam Qo‘shma Shtatlar yetakchiligidagi harbiy amaliyotlar boshlanganidan buyongi eng qonli yil bo‘ldi.
Hozir Afg‘onistonda 150 ming atrofidagi qo‘shinlar isyonkorlikni yengish uchun kurash olib bormoqda. Qo‘shma Shtatlar kuchlari kelasi yildan boshlab olib chiqib ketilishi kutilmoqda.
NATO va Afg‘on qo‘shinlari janubdagi Qandahor va uning atrofidagi hududlarni toliblardan tozalashga qaratilgan harbiy amaliyotlarini boshlaganlar.




























