2004 yilda Pokistonda G‘ayloniy bilan birga o‘zbek rafiqasi hibsga olingan

Ahmad G‘ayloniy 2004 yilda Pokistonda qo‘lga olingan
Сурат тагсўзи, Ahmad G‘ayloniy 2004 yilda Pokistonda qo‘lga olingan
Published

AQSh fuqarolik mahkamasi tanzaniyalik Guantanamo mahbusi Ahmad G‘ayloniyni Amerikaga tegishli mol-mulkni yo‘q qilishda til biriktirishda aybdor deb topgan.

36 yoshli Ahmad G‘ayloniyni 1998 yilda AQShning Afrikadagi elchixonalarini portlatishda ayblashgan.

2004 yil Pokiston hududida hibsga olingan G‘ayloniy Guantanamo hibsxonasida saqlangan, unga terrorizm bilan bog‘liq jami 286 band bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Uning ishi Amerika harbiy tribunali emas, fuqarolik mahkamasi ko‘rib chiqqan birinchi Guantanamo mahbusining ishidir.

Ahmad G‘ayloniy 224 inson o‘limiga sabab bo‘lgan 1998 yildagi AQShning Tanzaniya va Keniyadagi elchixonalarini portlatish fitnasining ishtirokchisi deb ko‘rilgan edi.

Unga qo‘yilgan Amerikaning odamlarni o‘ldirish maqsadidagi qotillik bilan bog‘liq jinoiy bandlar bekor qilingan.

Fuqaroviy mahkama qaroriga ko‘ra, Ahmad G‘ayloniy AQShning Tanzaniya poytaxti Darus-salom shahridagi elchixonasi yonida uyushtirilgan portlashda foydalanilgan "Nissan" yuk avtomobili, kislorod balloni, atsetilen sotib olishda tashkilotchilarga yordamlashgan, portlovchi moddalar to‘ldirilgan qutilarni avtomobilga yuklab qo‘ygan.

Harbiy tribunaldagi ko‘rsatmasida G‘ayloniy portlovchi moddalar yasalgan buyumlarni sotib olishda ko‘maklashganini tan olgan, biroq ulardan qanday maqsadda foydalanmoqchi ekanliklaridan bexabar bo‘lganini aytgan.

G‘ayloniy AQSh hukumati, halok bo‘lgan insonlarning yaqinlaridan kechirim so‘ragan.

Ayblov tomoniga ko‘ra, Ahmad G‘ayloniy Amerika elchixonalaridagi portlashlardan bir kun ilgari Afg‘onistonga uchib ketgan.

Portlashlardan uch yil o‘tib, Ahmad G‘ayloniyni Tanzaniya va Keniyadagi portlashlarda aybdor deb topishgan.

Amerikalik tergovchilarga ko‘ra, u boshqa afrikaliklar bilan birga "Al-Qoida"ga qo‘shilgan, unga sirtdan ayblov e‘lon qilingan 2001 yilda G‘ayloniy Afg‘onistonda bo‘lgan.

2004 yil iyulida G‘ayloniy va boshqa jangarilarning yashirinishiga yordamlashgan odam bergan ma‘lumot asosida Pokistonning Gujarat shahrida qo‘lga olingan.

G‘ayloniy, uning o‘zbek rafiqasi va yana o‘n uch jangari qo‘lga tushishlaridan oldin o‘rtada qattiq jang bo‘lib o‘tgan.

G‘ayloniy 2006 yilda Guantanamo qamoqxonasiga yuborilgan.

2009 yilda AQShning yangi ma‘muriyati Guantanamo mahbuslari ishini, harbiy komissiyalar emas, Amerikaning fuqarolik mahkamalari ko‘rib chiqishiga qaror qilgan, G‘ayloniy ishi bunday mahkamada ko‘rilgan birinchi mahbus bo‘lgan.

Unga qo‘yilgan ayblov bo‘yicha 20 yillik qamoq jazosi belgilangan.