'Ovro‘po Ittifoqi muqobil energiya ta‘minotini izlamoqda'

Prezident Islom Karimovning Bryusselga tashrifini yoritgan Ovro‘po matbuoti asosan O‘zbekistondagi inson huquqlarining ahvoliga doir xavotirlarga e‘tibor qaratgan bir paytda yopiq eshiklar ortidagi muzokaralarda energetika sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari ham muhokama etilgan.
Ovro‘po Ittifoqi o‘zining neft va gazga bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun muqobil energiya ta‘minotini izlamoqda.
Ovro‘po Ittifoqining energetika bo‘yicha Komissari Gunter O‘ttinger va O‘zbekiston Moliya vaziri Rustam Azimov imzolagan hamkorlik bitimi siyosiy maqsadni ifoda etuvchi bir hujjat.
Bitim tomonlar zimmasiga bironta ham aniq majburiyat yuklamaydi.
Ovro‘po Ittifoqi o‘zining Rossiyani chetlab o‘tuvchi energiya ta‘minot yo‘lagi uchun yangi uglevodorod manbalarini qo‘lga kiritish niyatida.
Ammo O‘zbekiston bilan imzolangan hujjatda Ovro‘poga tranzit imkonini beruvchi g‘arbu sharq yo‘nalishidagi yangi energiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadini hsobga olmaganda, bu loyihaga ishora yo‘q.
Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonning energetika infratuzilmasi, jumladan, elektr tarmog‘ini zamonaviylashtirishda yordam va Ovro‘podagi hamkorlar va banklardan ehtimoliy sarmoya taklif qilmoqda.
Shuningdek, energiya samaradorligi va qayta tiklanadigan energiya manba‘lari ham o‘zaro manfaatli soha ekani qayd etilgan.
Ovro‘po davlatlari quyosh, shamol va gidro quvvat singari yangi energiya texnologiyalari sohasida yetakchi mavqe‘da ekani nazarda tutilsa, Ovro‘po Ittifoqi bu sohada ishonchli hamkor bo‘lishi mumkin.
Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonga energiya manbalarini tadqiq qilishdan boshlab, iste‘molchilar uchun tariflarni belgilashga qadar masalalarni o‘z ichiga oluvchi yangi energetika strategiyasini ishlab chiqishda yordam bermoqchi.
Buni amalga oshirish uchun tomonlar Toshkentda Ovro‘po Ittifoqining texnik idorasini ochishga kelishdilar.
Ushbu kelishuv keyinroq Ittifoqning to‘laqonli hay‘atini Toshkentda joylashtirishni ham nazarda tutadi.






























