Qaddofiy hanuz Liviyada ekanini aytmoqda

Published

Liviya rahbari Muammar Qaddofiy mamlakatdan qochib ketgani haqidagi xabarlarni rad etgan va xorij axborot vositalarini "itlar" deb atagan.

Vayron bo‘lgan bino tashqarisida oq rangli eski mashinadan boshini chiqargan va yomg‘irda soyabon tutgan alfozda gapirgan janob Qaddofiy "men Tripolidaman, Venesuelada emas" degan.

Avvalroq Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg Liviya rahbari Venesuelaga yo‘l olgani haqida ma‘lumot borligini aytgan edi.

Polkovnik Qaddofiy davlat televideniyesida mahalliy vaqt bilan tungi soat 2 dan keyin paydo bo‘lgan va uning chiqishi bir daqiqadan kamroq davom etgan.

"Men vaziyatdan qoniqayapman, chunki bu kecha Yashil Maydonda yoshlar qarshisida chiqish qildim, ammo alhamdulilloh, yomg‘ir yog‘ib yubordi, bu yaxshi, omin!", - degan janob Qaddofiy.

"Men bir narsani oydinlashtirmoqchiman. Men Tripolidaman, Venesuelada emas. Bu telekanallarga ishonmang. Ular-itlar. Hayr", deya so‘zini yakunlagan Liviya rahbari.

Ikkinchi jabha

Polkovnik Qaddofiyning bayonoti xavfsizlik kuchlari Tripolida ikkinchi tun namoyishchilar birlan to‘qnashgan payt yangragan.

Birlashgan Millatlar Xavfsizlik kengashi seshanba kuni kechroq yopiq eshiklar ortida Liviyadagi vaziyatni muhokama qiladi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun dushanba kuni Muammar Qaddofiy bilan telefon orqali suhbatlashgan.

"Men uni inson huquqlari, namoyishlar o‘tkazish va so‘z erkinligi to‘la himoyalanishi kerakligi haqida ogohlantirdim", - deb aytgan janob Pan.

Liviya rahbaridan yuz o‘girgan diplomatlar dushanba kuni harbiy uchoqlar Tripolidagi namoyishchilarga havodan o‘t ochgani haqidagi guvohlarning hikoyalarini tasdiqlashgan.

Ammo Qaddofiyning o‘g‘li Sayful Islom harbiy uchoqlar faqat muxolifat tomoniga o‘tgan harbiy bazalarni nishonga olganini aytgan.

Vaziyatni Qohiradan turib kuzatayotgan Bi-bi-si muxbiri Jon Leynga ko‘ra, Qaddofiy rejimi hozirda bir necha jabhada urushmoqda.

Bir tomondan namoyishchilarni bostirish, ikkinchi tomondan esa, Liviya rahbariga qarshi bosh ko‘targan armiya qismlariga qarshi jang qilish.

Qatliom Liviyaning BMTdagi diplomatlari xalqaro hamjamiyatni Liviyaga mudoxala qilishga chaqirganlar.

Ular voqealarni "qatliom" deb tasvirlashmoqda.

Liviyaning BMTdagi vakolatxonasi rahbarining muovini Ibrohim Dabbashi liviyaliklarni "qatliom"dan hamoya qilish zarurligini aytib, Birlashgan Millatlarni Liviya havo xududidini uchish ta‘qiqlangan hudud deb e‘lon qilishga chaqirgan.

Liviyaning AQShdagi elchisi Ali Avjaliy ham Liviya rahbarini tanqid qilgan..

Bi-bi-si bilan suhbatda u "o‘z halqini o‘ldirayotgan hukumatni" qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan.

Ayni paytda Liviya davlat televideniyesi qirg‘in bo‘lgani haqidagi da‘volarni rad etgan va bu boradagi xabarlarni xorij matbuotining "asossiz yolg‘onlari" deb atagan.

Ammo hukumat sharqiy Beng‘ozi va al-Bayda shaharlari muxolifat qo‘liga o‘tganini tan olgan.

Guvohlarga ko‘ra, yakshanba kunidan buyon Tripolida 50 kishi o‘ldirilgan.

Hyuman Rayts Votch ja‘mi qurbonlar soni 233 kishi ekanini aytmoqda, ammo boshqa guruhlar halok bo‘lganlarning bundan ancha ko‘p ekanini aytishadi.