1 martdan boshlab Rossiyada militsiya politsiyaga aylandi

Bu boradagi qonun shu yil 7 fevralidan kuchga kirgan.
Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev militsiyani politsiyaga aylantirishning tashkiliy masalalariga taalluqli qo‘shimcha yetti farmonni imzolagan.
Yangi qonunga ko‘ra, ushbu huquqni muhofaza etish organining xodimlari kimnidir hibsga olishga qaror qaror qilsa, bu insonga avvvalambor uning huquqlarini tushuntirishlari talab etiladi.
Politsiya hibsga olmoqchi bo‘lgan shaxsning huquqiy ko‘mak olishga, tarjimon xizmatidan foydalanishga, yaqinlarini xabardor qilishga va ko‘rsatma berishdan bosh tortish huquqlari borligi tushuntirilishi lozim.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, qonunning ushbu bandlari Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari manfaatiga mos keladi.
Boisi, deyarli har kuni militsiya xodimlarining Markaziy Osiyo mamlakatlaridan borgan muhojirlarga nisbatan o‘zboshimchaliklari haqida xabarlar tarqaladi.
Qonunga binoan, qo‘lga olingan shaxsning yaqinlari yoki boshqa bir insonga bir marta telefon orqali bog‘lanish huquqi bor.
Endi Rossiya politsiyasiga insonga nisbatan shafqatsiz yoki tahqirli muomala qilish, qiynoq qo‘llash taqiqlanadi.
Shuningdek, jamoat tartibini saqlayotgan politsiyalarning namoyishchilarga nisbatan kaltak yoki boshqa maxsus vositalarni ishga solishga haqlari yo‘q.
Politsiya xodimlarining mahkama farmonisiz biror bir insonning uyiga kirishlari mumkin emas.
Rossiya militsiyasini politsiyaga aylantirish tashkiliy ishlari uchun o‘tash davri ko‘zda tutilgan.
2012 yilning 1 yanvarigacha binolar, avtomobillar yoki boshqa joylardagi yozuvlarni o‘zgartirish, hujjatlarni almashtirish rejalangan.































