Namoyishlari davom etayotgan Bahraynga xorijiy qo‘shinlar olib kirildi

Aksil-hukumat namoyishchilar bir oydirki xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashmoqdalar
Сурат тагсўзи, Aksil-hukumat namoyishchilar bir oydirki xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashmoqdalar
Published

Bahrayn rasmiylarining tasdiqlashicha, qirollik iltimosi bilan bir qator Fors Ko‘rfazi mamlakatlari, xususan Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklaridan qo‘shinlar Bahraynga kelishgan.

Yakshanba kuni aksil-hukumat namoyishchilari va xavfsizlik kuchlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda bir necha kishi halok bo‘lgan va o‘nlab odamlar jarohat olgan.

Bu bir oydirki davom etayotgan zo‘ravonliklarning eng qonlisi bo‘ldi.

Namoyishchilar politsiya to‘siqlarini buzib, xavfsizlik kuchlari bilan yuzma-yuz kelganlar.

Bahrayn aholisining aksariyatini tashkil qiluvchi shia musulmonlar sunniy hukmdor elita qo‘lida kamchiliklarga yuz tutib kelishidan ko‘pdan beri shikoyat qilib keladi.

Bahrayndagi namoyishlar o‘tgan oy Misr va Tunis g‘alayonlarida prezidentlar qulatilganidan so‘ng avj olgan.

Muxolifat mamlakatga xorijiy qo‘shinlarning kelishi ishg‘olga teng ekanini aytishmoqda.

Biroq, qirollik rasmiylari aholini "qo‘shinlarni hush qarshi olishga va to‘la hamkorlik qilishga" undagan.

Iltimos qondirildi Saudiy rasmiysi dushanba kuni ertalab Bahraynga 1000 saudiy qo‘shinlari kelgani, keyinroq Birlashgan Arab Amirliklari 500 politsiyachisini yo‘llaganini xabar qildi.

Guvohlarga ko‘ra, saudiy harbiylar o‘zlari bilan 150ta zirxli BTRlarni ham olib kelishgan.

Saudiy Arabistoni hukumati o‘zi chiqargan bayonotda "Bahraynning dastak so‘rab qilgan iltimosiga javob berdik" deb aytgan.

Qo‘shinlar Ko‘rfaz Hamkorlik Kengashi tashkiloti doirasida joylashtirilmoqda. Tashkilot oltita a‘zo: Bahrayn, Saudiy Arabistoni, Quvayt, Oman, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklaridan tashkil topgan.

Xorijiy qo‘shinlar Bahraynning muhim inshootlari, jumladan neftь va gaz korxonalari, hamda moliyaviy idoralarini mudofaa etishi ishoniladi.

Muloqot yo‘q Dushanba kuni namoyishchilar poytaxt Manamadagi Marvarid maydonini ishg‘ol etishda davom etganlar.

"Biz har qanday askar yo harbiy mashinaning Bahrayn hududiga kiritilishini Bahrayn qirolligining ishg‘ol etilishi va Bahraynning qurolsiz xalqiga qarshi fitna deb hisoblaymiz", deyildi muxolifat bayonotida.

Podshoh Hamad bin Iso al Xalifa namoyishchilar bilan muloqotga kirishni taklif qilgan, biroq ular hukumatning iste‘foga chiqishini istashlarini aytib muloqotdan bosh tortganlar.

Namoyishchilarning aksari podshohni to‘ntarish niyatlari yo‘qligi, ammo hukmdor oila ko‘pchilik vakolatlarini xalq saylagan parlamentga berishini istashlarini aytganlar.

Boshqalar esa podshoh ag‘darilib, o‘rniga respublika tashkil topishini xohlaydi.

Saudiy Arabistoni o‘z hududida ham shia ozchiligining vajohatini so‘ndirishga urinmoqda. U shia demokratparast faollarning namoyishlarini bostirgan.