BMT Liviyadagi inson huquqlarining buzilishi hollarini o‘rganadi

Сурат манбаси, BBC World Service
BMTning maxsus guruhi fevral oyidan beri davom etib kelayotgan mojaro mobaynida inson huquqlarining toptalish holatlarini o‘rganish uchun Tripoliga jo‘natildi.
Liviya hukumatining norozi namoyishchilarga qarshi harakatlaridan so‘ng BMTning Inson huquqlari Kengashi bu kabi tekshiruv guruhini mamlakatga yuborishga qaror bergan.
Liviya hukumati guruh bilan hamkorlik qilishini ma‘lum qildi.
Uch kishidan iborat guruh hukumat da‘vo qilganidek, isyonchilar va NATO hujumlari oqibatida ham inson huquqlarining buzilish hollarini o‘rganib chiqishga harakat qiladi.
Lekin ularning asosiy vazifasi Liviya rahbari Muammar Qaddofiyga sodiq kuchlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni sinchikovlik bilan tekshirishdir.
Uch oydan beri davom etib kelayotgan mojaro mobaynida hukumatga muxolif bo‘lganlarning bedarak yo‘qolishlari, qiynoqlar va hattoki namoyishchilarni qatl qilish borasida xabarlar bor.
BMTning Inson Huquqlari bo‘yicha yuqori komissari Navi Pilay fevral oyidagi chiqishlaridan birida Liviyada bo‘lib o‘tayotgan hodisalar "insoniyatga qarshi jinoyatlar" sifatida ko‘rilishi mumkinligini aytgandi.
Oxirgi haftalarda hukumat kuchlari isyonchilardan Misrata shahrini qaytarib olishga harakat qilib, yoppasiga raketa o‘qiga tutayotganlari haqida xabarlar kelmoqda edi.
Seshanba kuni raketalardan biri shahar bandargohiga kelib tushgan vaqti uch kishi halok bo‘lgan.
Misrata shahrini ikki oydan beri hukumat kuchlari qurshovga olganlar, shaharning ba‘zi qismlari suvsiz va elektr quvvatisiz qolgan.
Shahar aholisi snayperlar o‘qi va raketa hujumlaridan qo‘rqib oziq-ovqat va dori-darmon olgani ham ko‘chaga chiqa olmaydilar.
Inosn huquqlari tashkilotlariga ko‘ra hukumat kuchlari bilan to‘qnashuvlarda 1000 ga yaqin odam halok blgan, yana ko‘plar jarohatlangan.
Liviya hukumati shaharni yoppasiga raketa o‘qiga tutayotganligini rad etib kelmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashi esa Xalqaro Jinoyat Mahkamasidan Liviyada urush jinoyatlari sodir etilganmi yo‘qligini tekshirishni so‘ragan.




























