Tailanddan deportatsiya qilingan uyg‘urlar jihodda ayblanmoqda

Сурат манбаси, Reuters
Xitoyning Sinxua agentligi xabar qilishicha, Tailanddan chiqarib yuborilgan 100 dan ortiq uyg‘urlar jihodchilarga qo‘shilish niyatida Yaqin Sharqqa qarab yo‘nalgan bo‘lganlar.
Davlat televideniyesi shuningdek, qochqin uyg‘urlarning Xitoyga yetkazilgani haqidagi lavhalarni ko‘rsatgan.

Сурат манбаси, Reuters
Qochqin uyg‘urlarning hammasi boshlariga yelim xaltalar kiygizilgan holatda, o‘nlab politsiyachi hamrohligida uchoqda olib kelingani namoyish qilingan.
Bundan oldin BMT, AQSh va xalqaro inson haqlarini himoya qilish tashkilotlari uyg‘urlar Tailanddan deportatsiya qilinsa, Xitoyda qiynoqlarga duch kelishlarini aytib, xavotir bildirgan edilar.
Ko‘pchilik tomonidan uyg‘urlar shunchaki Xitoy hukumati ta‘qiblari tufayli Shinjondan qochib chiqqanlariga ishoniladi.
Uyg‘urlarni Xitoyga bermaslikni so‘rab qilingan xalqaro murojaatlarga qaramasdan, Tailand hukumati Pekin uyg‘urlarning xavfsizligini ta‘minlashga kafolat berganini aytgan va o‘zining uyg‘urlarni Xitoyga deportatsiya qilish borasidagi qarorini oqlagan.
Biroq Xitoy tashqi ishlar vazirligi voizi qonunni buzgan uyg‘urlarga chora ko‘rilishini ma‘lum qilgan.
Tailand harbiy hukumati qarori bilan 9 iyul kuni 109 uyg‘ur boshpana izlovchilar Xitoyga qaytarilganini bildirdi.
BMT Tailandning uyg‘urlarni Xitoyga bergani qaroridan "larzaga tushgani"ni aytgan va buni xalqaro qonunlarning ochiqdan-ochiq buzilishi, deb atagan.
Uyg‘urlarning deportatsiyasi Turkiyada g‘azabnok kutib olindi va Tailandning Istanbuldagi konsulligiga hujumlarni keltirib chiqardi.
Namoyishchilar konsullik binosining oynalarini sindirganlar, bino ichkarisidagi mebellarni vayron qilganlar va hujjatlarni ko‘chalarga otib yuborishgan.
Konsullik binosidagi Tayland bayrog‘i yulib olingan.
Uyg‘urlar
Aholisi soni 10 million atrofida bo‘lgan Shinjondagi uyg‘urlar Xitoyning o‘zlariga nisbatan diniy va madaniy cheklovlaridan shikoyat qilishadi.
Xitoy hukumati ta‘qiblaridan qochib chiqqan uyg‘urlarning o‘zlari hech qanday jihodga qo‘shilish niyatlari yo‘qligini aytishadi.
Musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi arafasida Xitoy Shinjondagi davlat xizmatchilari va talabalarning ro‘za tutishlarini taqiqlagan va spirtli ichimliklar ichishni rag‘batlantiruvchi tadbirlar o‘tkazilgani haqida xabarlar olingan.
Xitoyning bosimi ostida Malayziya va Pokiston singari davlatlar qochayotgan uyg‘urlarni Xitoyga qaytarishgan.
Xitoy Shinjon mintaqasidagi zo‘ravonliklarda musulmon ekstremistlarni ayblab keladi.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram – BBC UZBEK
Twitter – BBC UZBEK
Odnoklassniki – BBC UZBEK
Facebook- BBC UZBEK
Google+ BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio































