Mahbuslarni afv etishga Mirziyoyevning oʻzi bel bogʻladi

mahbus
Published

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda ilk marotaba mahbuslarni afv etish ishlari toʻgʻrisida Prezident farmoyishi chop qilinmoqda. Shu vaqtgacha Prezident mahbuslarni afv etish qarorini tayorlash boʻyicha Oʻzbekiston senatiga taqdimnoma berar edi.

Prezidentning mahkumlarni afv etish boʻyicha materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida farmoyishida ilk marotaba bu sohadagi kamchiliklar eʼtirof etilgan.

"Shu bilan birga, aholi bilan ochiq muloqot natijalari shundan dalolat bermoqdaki, sud amaliyotida jazoning sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosib boʻlishi, mahkumning shaxsini tavsiflovchi va aybini yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olish yetarlicha toʻliq taʼminlanmayapti.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 274 ta jinoyat ishlari boʻyicha ayblov qayta malakalanganligi, jinoyat ishlarining 50 tasi qonun oʻzgarishi, 805 tasi javobgarlikka tortish muddatining oʻtib ketganligi, 26 tasi qilmishda jinoyat tarkibi mavjud emasligi munosabati bilan tugatilganligi bu haqda guvohlik bermoqda".

Qaror bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash boʻyicha maxsus komissiya, jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan mahkumlar shaxsini va ularga oid materiallarni oʻrganish boʻyicha ishchi guruhlar tarkibi tasdiqlangan.

Ushbu komissiya mintaqalarga boʻlib chiqilgan holda 4 ta ishchi guruhidan tashkil topganini koʻrish mumkin.

Har bir guruhga Prezident devoni, Milliy xavfsizlik xizmati, Oliy sud, Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligidan xodimlar biriktirilgan.

Eʼtiborli tomoni ushbu roʻyxatda Milliy xafvsizlik xizmatidan taklif qilingan xodimning ismi sharifi koʻrsatilmagan. Ism sharif oʻrniga kelishuv asosida degan yozuvni koʻrish mumkin.

Ishchi guruhlarning qolgan aʼzolari ismi sharifi toʻliq keltirilgan.

"Dindorlarning yaqinlari umid bilan kutmoqda"

Shu vaqtgacha Oʻzbekiston senati tomonidan eʼlon qilingan amnistiyaga diniy hamda siyosiy ayblovlar bilan qamalganlar yoppasiga tushmagan.

Bu safargi afv qilishga tayyorgarlik oʻzgacha boʻlayotgani sabab dindorlarning yaqinlari ham unga umid koʻzi bilan qarab turishibdi.

Toshkentdan Gulchash Sodiqova diniy eʼtiqodi tufayli 16 yildan beri qamoqda qolayotgan oʻgʻliga yana uch yil qoʻshib berilgan.

Diniy ekstremizm bilan ayblangan Baxtiyor Sodiqovni jazo muddati tugashiga yaqin qolganda "ichki tartibni buzdi", degan ayb bilan yana uch yilga hukm qilishgan.

Inson huquqlari himoyachisi Surʼat Ikromovning BBCga aytishicha, amnistiyadan ham muhimroq narsa mahbuslarga turli bahonalar bilan qamoq jazosi qoʻshib berilishidir.

"Mahbuslar belgilangan 16 yilni oʻtirib boʻlishgan. Ammo turli bahonalar bilan ularga qoʻshimcha muddat berilaveradi. Menga murojaat qilayotganlarning ichida 5 martagacha jazo muddati uzaytirilganlari bor", - deydi Surʼat Ikromov.

Prezident Mirziyoyev tomonidan eʼlon qilingan farmoyishda qaromogʻida keksa yoshda ota-onasi mavjudligi ham mahbuslarning ozod qilinishida eʼtiborga olinishi kerakligi aytilgan.

"Baxtiyor bizning yolgʻiz oʻgʻlimiz. Qizlarim hammasi uyli joyli boʻlib ketgan. Qarigan chogʻda men uchinchi guruh, xoʻjayinim ikkinchi guruh nogironi boʻlib yolgʻiz qolganmiz. Bolamiz qarigan chogʻda bizga yordami tegadigan bir mahalda muddati tugasa ham qamoqdan chiqarilmayapti. Endi amnistiyadan umid qilib turibmiz", deydi Gulchash Sodiqova.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02