"Biz saylovda yutqazdik". Vuchich Serbiyadagi saylovlarda talabalarning protest harakati g‘alabasini tan oldi

Surat manbasi, REUTERS/Marko Djurica
Serbiyada paydo bo‘lgan yangi muxolif kuch - "Talabalar ro‘yxati" parlament saylovlarida 50 foizdan ortiq ovoz to‘plab, hukumat tuzish imkoniga ega bo‘ldi.
Hokimiyatdagi Serb taraqqiyparvar partiyasi (SPP) raisi Aleksandr Vuchich parlament saylovlari natijalari rasman e’lon qilinishidan oldinyoq mag‘lubiyatni tan oldi.
Serbiya Respublika saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi muxolif siyosiy kuch hisoblangan "Talabalar ro‘yxati" parlament saylovlarida 50,84 foiz ovoz olgan.
Sobiq prezident Aleksandr Vuchich boshchiligidagi ro‘yxat uchun esa saylovchilarning 40,41 foizi ovoz bergan.
Saylov byulletenlarida jami 18 ta partiya va saylov ro‘yxati qatnashgan bo‘lsa-da, ularning 15 tasi 1 foizdan ham kam ovoz to‘plagan.
Vuchich "Talabalar ro‘yxati" g‘alabasi haqidagi rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinishigacha mag‘lubiyatni tan olgan. Uning baholashicha, "Talabalar ro‘yxati" parlamentda 135-140 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ladi.
"Sizlarga ma’lum qilmoqchimanki, qatlamli tanlanma asosida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, vaziyat mutlaqo aniq: biz bu saylovda yutqazdik. Namoyishchilar harakati ishtirokchilari tuzgan "Talabalar ro‘yxati" g‘olib bo‘ldi. Ular 135-140 ta mandat oladi, biz esa taxminan 105 ta mandatga ega bo‘lamiz", degan Vuchich o‘z tarafdorlari oldida qilgan chiqishida.
Uning aytishicha, SPP 1 million 720 ming ovoz to‘plagan, ammo bu g‘alaba uchun yetarli bo‘lmagan.
Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, parlamentga SPP va "Talabalar ro‘yxati"dan tashqari deyarli hech kim kira olmagan. Faqat Voevodina vengrlari uch mandat, albanlar bir mandat va ehtimol Demokratik harakat partiyasi (SDA) o‘rin olishi mumkin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Mag‘lubiyatning bunchalik tez tan olinishiga saylovlardagi rekord darajada yuqori qatnashuv sabab bo‘lgan. Saylovchilarning qariyb 68 foizi ovoz bergan bo‘lib, bu Yugoslaviya parchalanganidan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Siyosiy tajribasi bo‘lmagan ko‘plab nomzodlar o‘rin olgan "Talabalar ro‘yxati" hozircha bosh vazir yoki hukumat a’zolariga kimlarni nomzod qilib ko‘rsatishini ma’lum qilmagan.
Kardiolog Iliya Srdanovich boshchiligidagi ro‘yxat uchun Vuchichning mag‘lubiyat haqidagi bayonoti kutilmagan yangilik bo‘lgan. U bu xabarni ko‘z yoshlari bilan qarshi olgani aytiladi.

Surat manbasi, REUTERS/Marko Djurica
Uzun navbatlar va tarang muhit
Bu saylovlarda ovoz berish huquqiga ega fuqarolar soni 6,45 millionni tashkil etgan.
Tongdanoq nafaqat Serbiyaning o‘zida, balki Lyublyana, Myunxen, Los-Anjeles va Chikago shaharlarida ham ovoz berish uchun uzun navbatlar hosil bo‘lgan. Parijdagi serb saylovchilari kuchli yomg‘ir ostida navbat kutishgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, saylovlarda qatnashish darajasi kunning birinchi yarmidayoq avvalgi ko‘plab saylovlarga nisbatan sezilarli yuqori bo‘lgan. Tushga qadar saylovchilarning qariyb 25 foizi ovoz berishga ulgurgan.
Yakshanba kuni tushdan keyin mustaqil CRTA tashkiloti saylov uchastkalari atrofida «ko‘plab qoidabuzarliklar» va «zo‘ravonlik bilan bog‘liq hodisalar» ko‘payganini ma’lum qildi.
Biroq AFP agentligi xabar berishicha, politsiya saylovlarga bog‘liq jiddiy zo‘ravonlik holatlaridan birortasini ham tasdiqlamagan.
Ikki yillik noroziliklar
Serbiya qariyb ikki yildan beri keskin siyosiy va ijtimoiy bo‘linish davrini boshdan kechirmoqda.
Bu jarayon 2024 yil 1 noyabrda Novi-Sad temir yo‘l vokzalida yuz bergan halokatdan keyin boshlangan.
Vokzal tomining qulashi oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan va bu voqea mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli namoyishlarga turtki bergan.
Aleksandr Vuchich tanqidchilari fojeada uning hukumatidagi korruptsiya va beparvolikni ayblagan.
Mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari 2024 yil dekabridan beri davom etmoqda.

Surat manbasi, REUTERS/Uros Arsic

Surat manbasi, EPA/Shutterstock
Namoyishlarni muvofiqlashtirib kelayotgan talabalar qo‘mitalari Vuchich hokimiyatining qonuniyligini shubha ostiga qo‘yib, uning iste’fosini va Serb taraqqiyparvar partiyasining hokimiyatdan ketishini talab qilgan.
Vuchich tarafdorlari esa talabalarni xorij grantlari hisobiga tashkil etilgan "rangli inqilob" tayyorlashda ayblab keladi.
Vuchichning ta’kidlashicha, agar muxolifat g‘alaba qilsa, yangi hukumat darhol Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etadi.
Biroq talabalar harakatining saylov dasturida bu haqda hech qanday bayonot bo‘lmagan.

Surat manbasi, Reuters

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Harakat yetakchilari uning tarkibida ham liberal, ham millatchi qarashlarga ega odamlar borligini ta’kidlab keladi.
Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlaydigan, ammo Ukraina urushi tufayli Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilishdan bosh tortib kelayotgan Vuchich davlat sektori xodimlari maoshi va pensiyalarni oshirish, shuningdek davlat tibbiyotiga investitsiyalarni ko‘paytirishga va’da bergan.
Muxolifat esa bu va’dalarni populizm deb atab, Vuchich davrida shakllangan korruptsiya darajasi haqiqiy islohotlar o‘tkazish imkonini qoldirmayotganini ta’kidlaydi.

































